O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tarixi 60 yil yoki yana aniqroq aytadigan bo‘lsak 56 yillik tarixga ega. 1969 yilda Toshkent shahri Sergeli tumanida joylashgan 9-harbiylashtirilgan yong‘indan saqlash xizmatining binosida harbiylashtirilgan yong‘indan saqlash xizmatining o‘rta va katta rahbarlik tarkibini tayyorlash bo‘yicha 11 oylik kurs tashkil etilgan.
Ushbu 11 oylik kurs 16 yil mobaynida Markaziy Osiyo davlatlarining Ichki ishlar organlarining harbiylashtirilgan yong‘indan saqlash xizmatini o‘rta rahbarlik tarkibidagi kadrlar bilan ta’minlangan.
1977 yilda Sobiq Ittifoq Vazirlar Kengashi qarori bilan Yong‘inga qarshi texnika va xavfsizlik muhandislari Fakulteti tuzildi. 1985 yilda 2 yil ta’lim muddatli leytenant unvoni beriladigan ofitserlarni tayyorlash bo‘yicha O‘zbekiston SSR IIV Toshkent Yong‘in-texnik oliy bilim yurti tashkil etildi. Ushbu bilim yurtida Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston uchun kadrlar tayyorlandi.
1993 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan IIV Yong‘in xavfsizligi oliy texnik maktabi tuzildi. 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq maktabga O‘zbekiston Respublikasi IIV Yong‘in xavfsizligi Instituti maqomi berildi.
O‘tkazilgan islohotlar mobaynida respublikada favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, shuningdek yong‘in xavfsizligini ta’minlashning yangi tizimini joriy etish maqsadida davlatimiz rahbarining 2019 yil 10 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimida mazkur sohani ilmiy jihatdan ta’minlovchi tayanch oliy ta’lim muassasasi sifatida Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi.
Akademiyaning asosiy vazifalaridan biri yangi O‘zbekistonda yangicha fikrlaydigan zamonaviy o‘z kasbining yetuk mutaxassislarini tayyorlashdan iboratdir. Mazkur muhim hujjat bilan Yong‘in xavfsizligi instituti, Fuqaro muhofazasi instituti va Boshlang‘ich tayyorgarlik va malaka oshirish markazi negizida O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi tashkil etildi va hozirgi kunda faoliyat yuritib kelmoqda.
Akademiyada o‘quv jarayoniga xizmat qiliuvchi 3 ta fakultet, 9 ta kafedra va bo‘lim va bo‘linmalar faoliyat yuritadi. Akademiyada 2 ta (“Yong‘in xavfsizligi” va “Texnosfera xavfsiziligi”) ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi. Ma’lumot uchun: Akademiyada turli yo‘nalishlari bo‘yicha hozirgi kunga qadar 10 000 ga yaqin mutaxassislar tayyorlangan.
Shu bilan bir qatorda, oxirgi 10 yil davomida 4000 dan ortiq o‘ta muhim va toifalangan obyektlarning, shuningdek, xo‘jalik subyektlarining rahbarlari va muhandis-texnik tarkibi “Yong‘in xavfsizligi” yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish kurslarini tamomlagan.