Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyining
N I Z O M I
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28-iyundagi “O‘smirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PQ-4375-sonli va 2022 yil 3-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘sida”gi PQ-344 sonli hamda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklarining 2019 yil 20-avgustdagi 27/65/23/20/44-sonli “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarining faoliyat ko‘rsatishi bilan bog‘liq ayrim masalalarni tartibga solish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarorlari talablariga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Shahrisabz “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi (matn davomida - harbiy-akademik litsey) maqomi, faoliyatining tashkiliy asoslari, maqsadlari, mas’ul mansabdor shaxslarning majburiyatlari, o‘qishga qabul qilish va o‘quvchilarni o‘qishdan chetlatish tartibi, o‘quvchilarning huquq hamda majburiyatlari tartibini belgilaydi.
Harbiy-akademik litseyning maqsad va vazifalari
O‘quvchilarni ma’naviy-ahloqiy va harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini rivojlantirish, mamlakatimiz suvereniteti va mustaqilligini ta’minlash uchun mas’uliyat hissini, shuningdek, ularning huquqiy bilim va madaniyatini oshirish, O‘zbekiston Respublikasiga sodiq, fidoyi fuqarolarni aniq maqsadli va tizimli tayyorlash samaradorligini takomillashtirish harbiy-akademik litsey faoliyatining maqsadidir.
Harbiy-akademik litseyning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy-ma’rifiy qadriyatlariga, uning madaniyati va urf-odatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vijdoniylik, vatanparvarlik, sadoqat, fidokorlik singari shaxs sifatlarini, shuningdek, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish;
xalqimizning tarixi va boy madaniyati, buyuk ajdodlarimizning, eng avvalo, bobokalonimiz buyuk sarkarda Amir Temurning bebaho merosi, Vatan ozodligi va farovonligi yo‘lida o‘zini qurbon qilgan zamondosh vatandoshlarimizning qahramonligi asosida, O‘zbekiston xalqiga sodiq, qat’iy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan o‘quvchilarni tarbiyalash;
o‘quvchilarda keng dunyoqarash, intellektual salohiyat, ijodiy
va tahliliy fikrlashni rivojlantirish, tabiiy va aniq fanlar, xorijiy tillar va zamonaviy axborot texnologiyalari bo‘yicha mustahkam bilimlarni shakllantirish, shuningdek, ularga harbiy ishdagi boshlang‘ich bilimlarni singdirish;
notiqlik va yetakchilik xislatlariga ega, jismonan rivojlangan, chidamli, mard va jasur Vatan himoyachilarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar rezervini shakllantirish maqsadida respublikaning oliy, oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi uchun munosib nomzodlarni tayyorlash.