Taʼlimning standartlashtiriladigan turlari
Taʼlim turlari boʻyicha quyidagi taʼlim standartlari ishlab chiqiladi:
maktabgacha taʼlim va tarbiyaning davlat standarti;
umumiy oʻrta taʼlim, oʻrta maxsus taʼlim, professional taʼlim, oliy taʼlimning davlat taʼlim standartlari;
oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning, kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning, shuningdek qoʻshimcha taʼlimning davlat taʼlim talablari.
davlat taʼlim standartlari — davlat tomonidan taʼlimning mazmuni va sifatiga nisbatan belgilanadigan talablar majmui;
davlat taʼlim talablari — taʼlimning tuzilmasiga, mazmuniga va uni amalga oshirish shart-sharoitlariga, shuningdek, taʼlim oluvchilarning jismoniy, shaxsiy, intellektual, ilmiy hamda kasbiy sifatlariga qoʻyiladigan majburiy talablar;
oʻqitish natijalari — oʻquv jarayonining maʼlum bosqichi yakuni boʻyicha taʼlim oluvchi baholanadigan kompetensiyalar.
Taʼlim standartlarining maqsadi, asosiy vazifalari va prinsiplari
Taʼlim standartlarining maqsadi — taʼlim va oʻqitish sifatiga, taʼlim mazmuniga, taʼlim oluvchilar hamda ularning tayyorgarlik darajasiga, taʼlim darajasidagi kompetensiyalar va natijalarga, beriladigan malakalarga, talab qilinadigan oʻquv yuklamasi va faoliyati hajmiga va baholash mexanizmlariga qoʻyiladigan talablarni belgilash hisoblanadi.
Taʼlim standartlarining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
taʼlimning mazmuni va sifatiga qoʻyiladigan talablarni belgilash;
taʼlimning turlari, mazmuni, taʼlim va tarbiyaning oʻzaro bogʻliqligi, taʼlim tizimida uzviylik va uzluksizlikni taʼminlash;
oʻqitish natijalarini baholash tartibi, taʼlim va tarbiya sifatini nazorat qilishni takomillashtirish;
taʼlim turlari, bosqichlarining oʻzaro uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;
milliy standartlar talablarining taʼlim sifati va kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro talablarga muvofiqligini taʼminlash.
Taʼlim standartlarining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat, jamiyat, mehnat bozori va shaxs ehtiyojlariga mosligi;
taʼlim va tarbiyaning yaxlitligi, barcha uchun teng va kafolatlanganligi;
taʼlim turlari va bosqichlari oʻrtasida uzluksizlik va taʼlim mazmuni uzviyligining taʼminlanganligi;
gender tenglik va inklyuziv taʼlim olish huquqlarining taʼminlanganligi;
taʼlim oluvchilarga yoʻnaltirilganligi va taʼlim oluvchilar shaxsi, ularning intilishlari, qobiliyatlari hamda qiziqishlarining inobatga olinganligi;
Oʻzbekiston taʼlim siyosatini hisobga olgan holda xorijiy mamlakatlarning taʼlim sohasidagi tajribalaridan foydalanilganligi.
Quyidagilar taʼlim standartlarini ishlab chiqishga qoʻyiladigan asosiy talablar hisoblanadi:
madaniy va tarixiy meros anʼanalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, davlat talablari va jamiyat ehtiyojlarini hisobga olish;
taʼlim oluvchilarda mustaqil fikrlash, vatanga fidoyilik va milliy gʻurur hissini singdirish hamda oʻz majburiyatlarini masʼuliyat bilan bajarish boʻyicha zarur bilim va koʻnikmalarni rivojlantirish;
taʼlim oluvchilar ongiga Vatan tuygʻusini singdirish;
kadrlarni maqsadli va sifatli tayyorlash uchun taʼlim, fan va ishlab chiqarishning samarali integratsiyasini taʼminlash;
taʼlim oluvchilarning oʻqitish natijalariga aniq talablarni belgilash hamda uning meʼyorlari va talablari buzilishining oldini olish;
taʼlim oluvchilarda atrof muhitni asrab-avaylash va muqobil energiya manbalaridan samarali foydalanish koʻnikmalarini shakllantirish;
taʼlim turlari va bosqichlarini xalqaro miqyosda tan olingan mezonlar boʻyicha taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash;
taʼlim oluvchilarning qobiliyat va ehtiyojlari asosida individual rivojlanish hamda differensial yondashuv asosida taʼlim olish imkoniyatlarini yaratish;
variativ va invariativ komponentlarni joriy etish orqali taʼlim jarayonini tizimlashtirish;
mehnat bozori talablariga muvofiq kadrlarni tayyorlashda xalqaro tajribani inobatga olish.