Akademiyaning maqsad va vazifalari

Bilimga chanqoq iste’dodli yoshlarni topib, ularni Ona Vatanga fidoyi inson qilib tarbiyalash favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasining asosiy va muqaddas vazifasidir!

Akademiyaning maqsadi FVV uchun yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida faoliyatning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni o‘tkazishdan iborat.

Quyidagilar Akademiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida vazifalarni samarali bajarishga qodir bo‘lgan, tegishli yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha chuqur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega, jangovar va jismoniy tayyorgarlikdan o‘tgan oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash;

ilg‘or tajriba asosida o‘qitishning zamonaviy shakl va usullari, innovatsion pedagogik va axborot texnologiyalarini qo‘llash, kadrlarni tayyorlashning sifat jihatdan yangi tizimini joriy etish, nazariya bilan amaliyot uzviyligini ta’minlash;

FVV tuzilmalari uchun kadrlarni ma’naviy, axloqiy tarbiyalashning mutlaqo yangicha, samarali tizimini joriy etish, ularda mustaqil fikrlash, chuqur kasbiy bilimlar va ruhiy bardoshlilik, yuksak madaniyatni shakllantirish, yoshlarni odob-axloq fazilatlari, vatanparvarlik ruhida chuqurlashtirilgan holda tayyorlash;

kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarni hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tegishli mutaxassislarini favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohasida qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;

sohada ta’lim jarayoni uzluksizligi va sifatliligini ta’minlash maqsadida, FVVning ta’lim muassasalari faoliyatiga o‘quv-uslubiy va ilmiy ko‘mak ko‘rsatish;

xo‘jalik yurituvchi subyektlarning rahbar va muhandis-texnik xodimlarini aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish, fuqaro muhofazasi, shuningdek, yong‘in xavfsizligi asoslari bo‘yicha shartnoma asosida o‘qitish;

ta’lim jarayonini fan va amaliyot bilan integratsiyalash bo‘yicha fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar olib borish, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;

yetakchi xorijiy ilmiy va ta’lim muassasalari bilan yaqin aloqalarni o‘rnatish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalarni o‘quv jarayoniga keng tatbiq etish.

 QO‘SHIMCHA MA’LUMOTLAR:

 Akademiya kadrlar tayyorlashni oliy ta’limning ikki bosqichli tizimi – bakalavriatning kunduzgi va masofaviy shakllari hamda magistratura asosida amalga oshiradi.

Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil etilishi o‘quv rejalari va dasturlar asosida amalga oshiriladi.

Akademiya kursant va tinglovchilarni asosiy ta’lim dasturlarini o‘zlashtirishi uchun aniq maqsadga yo‘naltirilgan o‘quv jarayonini tashkil etish hamda o‘qitishning shakllari, usullari va vositalarini tanlash orqali zaruriy shart-sharoitlarni yaratadi.

O‘quv mashg‘ulotlari ma’ruza, seminar, amaliy, laboratoriya, guruh mashg‘ulotlari (o‘yin, mashq, maskan, kompleks va h.k.), mustaqil ta’lim (tayyorgarlik), nazorat ishi, kurs ishi (loyihasi), maslahat (konsultatsiya), malakaviy amaliyot (o‘quv, ishlab chiqarish amaliyoti, tajriba orttirish, diplom (bitiruv malakaviy ishi) oldi amaliyoti) shakllarida o‘tkaziladi.

Barcha auditoriya mashg‘ulotlarining davomiyligi 80 daqiqa (ikki akademik soat)ni tashkil qiladi. Mashg‘ulotlar o‘rtasida tanaffus belgilanadi.

Ta’lim jarayoni davlat tilida amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlarga muvofiq o‘quv jarayoni xorijiy tilda ham olib borilishi mumkin. O‘quv yilining davomiyligi o‘quv jarayoni jadvaliga muvofiq belgilanadi, kursant va tinglovchilarning fanlar bo‘yicha o‘zlashtirish darajasi ularning bilimini baholash bilan bog‘liq bo‘lgan tegishli normativ hujjatlar asosida belgilanadi.

O‘quv mashg‘ulotlari zamonaviy o‘qitish vositalaridan foydalangan holda interaktiv shakllarda olib boriladi. Akademiyaning kursant va tinglovchilariga beriladigan ta’til muddati o‘rnatilgan tartibga muvofiq belgilanadi.