MUDOM EʼZOZDASIZ, AZIZ USTOZLAR!

O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, uning hududiy tuzilmalari hamda FVV Akademiyasida “1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni Akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasisdiqov ochib, barcha ustoz va murabbiylarni bayram bilan samimiy muborakbod etdi. O‘z nutqida u ustoz va murabbiylarning fidokorona mehnati haqida to‘xtalar ekan, muhtaram Prezidentimizning:

“Ustoz va murabbiylarni e’zozlash — xalqimizni, millatimizni, kelajagimizni e’zozlash demakdir” — deya aytgan so‘zlarini eʼtirof etib, bu ulug‘ kasb egalari har qanday yuksak ehtirom va e’tirofga munosib ekanligini ta’kidladi. Shuningdek, ustozlarga sihat-salomatlik, bardavom muvaffaqiyat va oilaviy farovonlik tiladi.

Shu kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri, Favqulodda vaziyatlar vaziri hamda Akademiya boshlig‘ining tegishli buyruqlariga asosan Akademiyaning bir guruh professor-o‘qituvchilari va murabbiylari fidokorona xizmatlari uchun “Oliy ta’lim a’lochisi”, “A’lo xizmatlari”, “Dovyurak jangchi” ko‘krak nishonlari, shuningdek, “Faxriy yorliqlar”, “Minnatdorchilik”, “Esdalik nishon belgisi”, “Esdalik qo‘l soati” hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.

Tadbirning badiiy qismida taniqli san’atkorlar, Akademiya Orkestr jamoasi hamda iqtidorli kursantlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar, she’rlar va ruhlantiruvchi chiqishlar yangradi. Ularning samimiy ijrosi tantanaga o‘zgacha ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.

Tantanali tadbir Akademiyaning yozgi oshxonasida davom etib, mehmonlarga milliy taomlar tortiq qilindi. Kamtarona yozilgan dasturxon atrofida ustoz va murabbiylarga ehtirom ko‘rsatilib, mehr-muhabbat ila iliq suhbatlar kechdi.

Ustozlar ham o‘z navbatida so‘z olib, davlatimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan bunday ehtirom va g‘amxo‘rlik uchun chuqur minnatdorlik bildirdilar. Ular yosh avlodga bilim berish, Vatanga sodiq, bilimli va vatanparvar kadrlarni tarbiyalash yo‘lida bundan buyon ham bor kuch va salohiyatlarini safarbar etishga tayyor ekanliklarini ta’kidladilar. Tadbir barcha ishtirokchilarda iliq va unutilmas taassurotlar qoldirdi.

 

Akademiya axborot xizmati