FVV AKADEMIYASI XALQARO MIQYOSDAGI HAMKORLIKLARNI KENGAYTIRMOQDA

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni izchil kengaytirib bormoqda. Shu doirada YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan navbatdagi muhim uchrashuv hamda ilmiy-amaliy seminar tashkil etildi.

Mazkur tadbirda xalqaro darajadagi ekspert — professor Valentina Bodrug-Lungu, FVV Akademiyasi boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov, Akademiya professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Tadbirni ochib bergan FVV Akademiyasi boshlig‘i, professor Muzaffarjon Mamasiddiqov o‘z nutqida bugun Akademiyada xalqaro hamkorlikning navbatdagi nufuzli amaliy uchrasuvi boʻlayotganini taʼkidlab, YUNISEF bilan hamkorlik bizning ta’lim-tarbiya, ilmiy izlanishlar va amaliy faoliyatimizni yangi bosqichga olib chiqayotganini, bu kabi uchrashuv va seminarlar kursantlarimizga xalqaro tajribani o‘rganish, ilmiy salohiyatini oshirish hamda kelajakda yurtimiz xavfsizligi va barqarorligi yo‘lida samarali xizmat qilishga keng imkoniyatlar yaratishini alohida qayd etib oʻtdi.

Shundan so‘ng so‘zga chiqqan xalqaro ekspert, professor Valentina Bodrug-Lungu o‘z fikrlarini bildirar ekan, "Men uchun O‘zbekistonda, xususan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida bo‘lish katta sharaf ekanligini, kursantlarning bilimga chanqoqligi, ularning yuksak intilishi tahsinga loyiqligini, ushbu hamkorlik orqali biz o‘zaro tajriba almashish, yangi metodikalarni tatbiq etish va inson xavfsizligini ta’minlash borasida samarali loyihalarni amalga oshirishimiz mumkinligini, bu hamkorlik kelajakda yanada kengayib, ijobiy natijalar berishini alohida taʼkidladi.

Seminar davomida xalqaro mutaxassislar tomonidan ilg‘or tajribalar, zamonaviy yondashuvlar va ilmiy-uslubiy tavsiyalar taqdim etildi.

Shuningdek, tashrif doirasida mehmonlar Akademiyaning o‘quv jarayonlari, moddiy-texnik bazasi, o‘quv poligonlari hamda zamonaviy axborot-resurs markazi bilan yaqindan tanishdilar. Professor Valentina Bodrug-Lungu va YUNISEF vakillari Akademiyaning o‘quv-uslubiy salohiyatini yuksak baholab, kursantlarga yaratilgan sharoitlar, zamonaviy texnika vositalari hamda elektron kutubxona imkoniyatlari katta taassurot qoldirganini ta’kidladilar.

Tadbir yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va ta’lim jarayoniga xalqaro tajribalarni keng joriy etish bo‘yicha kelishib oldilar.

 

Akademiya axborot xizmati