FVV AKADEMIYASIDA “VATANGA QASAMYOD” TADBIRI O‘TKAZILDI

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasiga bu yilgi kirish imtihonlari shaffoflik va oshkoralik tamoyillariga asoslanib, yuqori saviyada o‘tkazildi. Mazkur Akademiyaga qiziqishi va ishtiyoqi baland yoshlarimiz imtihonlarni muvaffiqiyatli topshirib yuqori ballar to‘plagan abuturiyentlarimiz kursantlik baxtiga muyasssar bo‘ldilar va bugun Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasining birinchi bosqich kursantlarining “Vatanga qasamyod” qabul qilish tantanali tadbiri o‘tkazildi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston “Adolat” SDP Siyosiy Kengashi raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, taniqli shoir va yozuvchilar, O‘zbekiston Respublikasi Xavfsizlik kengashi ma’sullari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbariyati, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy axborot universiteti rahbariyati, Vazirlik axborot xizmati xodimlari, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong‘in xavfsizligi va favqulodda vaziyatlar muammolari ilmiy-tadqiqot instituti, Fuqaro muhofazasi instituti mas’ullari, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Akademiya professor-o‘qituvchilari, faxriylari, harbiy xizmatchilari, kursantlar va ularning ota-onalari va yaqinlari, taniqli san’atkorlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Favqulodda vaziyatlar vazirining o‘rinbosari polkovnik Nuriddin Qodirov ochib, hamda Akademiyaning birinchi bosqichiga qabul qilingan kursantlarni “Vatanga qasamyod” qabul qilganliklari munosabati bilan tabriklab, mazkur tantanali tadbir “1-sentabr – jonajon Vatanimiz mustaqilligining 34 yilligi bayrami”ga ulanib ketayotganligi kursantlar uchun faxr va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otish bilan bir qatorda, ulkan mas’uliyat va tanlagan kasbiga umrbod sodiqlikni ham talab etishini hamda bugungi tadbir shubhasiz, ularning hayotida unutilmas voqea bo‘lib muhrlanib qolishini alohida ta’kidladi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan sohada olib borilgan yangilanish va islohotlar natijasida, vazirlik zamonaviy texnika, qutqaruv asbob-anjomlari bilan ta’minlangan, xalqchil va ochiq, chinakam ma’noda, xalqimiz uchun yaqin, muhim va ishonchli tuzilmaga aylanganini e’tirof etdi. Shuningdek, tabiiy va texnogen tusdagi ofatlar bilan kurashib, o‘z jonlarini xatarda qoldirib, ko‘plab insonlarning hayoti, mol–mulklarini saqlab qolish – bu albatta beqiyos insoniy fazilat va eng sharafli xizmat ekanligini qayd etdi.

Shundan so‘ng Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov, so‘zga chiqib, “Yangi O‘zbekiston – 2030” strategiyasi asosida favqulodda vaziyatlarni oldini olish, yong‘in xavfsizligini ta’minlash, qutqaruv tizimini zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlash va eng muhimi, siz kabi vatanparvar kadrlarni tayyorlashga katta e’tibor qaratilganini alohida ta’kidladi.

Shuningdek polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov o‘z nutqida davom etib, qutqaruvchilik kasbi – shunchaki xizmat emas, balki jon fido etishga tayyorlikni talab qiladigan sharafli va muqaddas burchi ekanligini, bu kasb – inson hayotini asrash, xalq og‘irini yengil qilish, yurtning osoyishtaligi uchun qo‘yilgan qadam ekanligini e’tirof etdi. Shu bilan birga notiq yoshlarga qarata Sizlar – Yangi O‘zbekistonning istiqboli, uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan avlod ekanliklarini aytib, qasamyod – insonning butun hayoti davomida yo‘l ko‘rsatuvchi ma’naviy chirog‘ bo‘lib xizmat qilishini, u har bir kursantning qalbida matonat, jasorat va mas’uliyat tuyg‘ularini mustahkamlashini, bu orqali yoshlar Vatan taqdiriga dahldorlik hissi bilan yashab, uning taraqqiyoti va ravnaqi yo‘lida o‘z bilim va salohiyatini ayamasdan fidokorona xizmat qilishlarini ta’kidlab, ularni “Vatanga qasamyod” qabul qilganliklari bilan samimiy qutladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar – istiqlolimizning 34 yilligi kabi xalqimiz uchun ulug‘ va aziz bayram bilan muborakbod etgan holda, bugungi ulug‘ sana barchamiz uchun iftixor manbai bo‘lsa, “Vatanga qasamyod” marosimi uning ma’naviy davomi bo‘lganligini ta’kidladilar. Tadbir yakunida taniqli san’atkorlarning Ona Vatannni madh etuvchi kuy – qo‘shiqlari va chiqishlari bayram shukuhiga yanada zavq ulashib, barcha ishtirokchilar va taklif etilgan mehmonlarda iliq taassurotlar qoldirdi.

Muxtasar qilib aytganda, buyuk mutafakkir Abdurahmon Jomiy aytganidek: “Bilim insonni komil qiladi, tarbiya esa uni mukammallashtiradi.” Bu hikmatli so‘zlar bugun qasamyod qilgan yosh kursantlar uchun ham hayotiy dasturilamal bo‘lib, ilm olish va ma’naviy yuksalishda doimiy yo‘ldoshlari bo‘lib qoladi.

 

Akademiya axborot xizmati