O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi аkademiyasida kuni kecha FVV Akademiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bilan hamkorlikdagi “Yangi O‘zbekistondagi islohotlar, “Harakatlar strategiyasi”dan “Taraqqiyot strategiyasi” sari” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilari, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, so'nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinligi hamda qonun ustuvorligini ta‘minlash borasida izchil va samarador ishlar amalga oshirilayotganini, turli xalqaro reyting va indekslarda O'zbekistonning mavqei yanada yaxshilanayotganini, davlatimiz rahbarining pragmatik tashqi siyosiy tashabbuslari butun dunyoda e’tirof etilayotganini ta’kidlab, yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining
7-yo‘nalishi “Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish” dagi 92-maqsadida “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish” belgilab berilganini alohida e’tirof etdi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakov - mamlakatimizni 2017 — 2021-yillarda rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha “Harakatlar strategiyasi” doirasida o‘tgan davr mobaynida davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan isloh etishga qaratilgan bir nechta qonun,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari qabul qilingani, shuningdek, inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilganini, milliy iqtisodiyotni isloh qilish borasida tashqi savdo, soliq va moliya siyosatini liberallashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini chuqur qayta ishlashni tashkil etish hamda hududlarni jadal rivojlantirishni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilganini, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, aholini yangi ish o‘rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlash sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilganini, so‘nggi besh yillik islohotlarning natijasida mamlakatimizda Yangi O‘zbekistonni barpo etishning zarur siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ilmiy-ma’rifiy asoslari yaratilganini qayd etib o‘tdi.
Notiq o‘z nutqi davomida jahon miqyosidagi murakkab jarayonlarni va mamlakatimiz bosib o‘tgan taraqqiyot natijalarini chuqur tahlil qilgan holda keyingi yillarda «Inson qadri uchun» tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish, iqtisodiyot tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash hamda faol fuqarolik jamiyatini shakllantirishga qaratilgan islohotlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida, keng jamoatchilik muhokamasi natijasida “Harakatlar strategiyasi”dan — “Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022 — 2026-yillarga mo‘ljallangan “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”ni amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilinganini va bu borada tizimli shlar amalga oshirilayotganini alohida e’tirof etdi.
Yakunida taklif etilgan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbari Eldor Tulyakovga samimiy ochiq muloqot uchun Akademiya rahbariyati minnatdorchilik bildirib, Akademiya boshlig‘ining tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari tantanali topshirildi.
─ Yangi O‘zbekistonda inson qadri ulug‘lanayotgan yurtda bunday uchrashuvlar yoshlarni tafakkur qilishga, yurt istiqboli uchun mas’uliyatli bo‘lishga undashini, shuningdek, muloqot davomida yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘zining bilim va qobiliyati, intiluvchanligi, tashabbuskorligi va fidokorona mehnati bilan yurtimiz taraqqiyotini yuksaltirish, jonajon Vatanimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini yanada oshirishda yoshlarning o‘rni beqiyos desak mubolag‘a bo‘lmaydi deydi kapitan Firdavs Karimov.
Akademiya axborot xizmati