Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasi “Maʼnaviyat va maʼrifat” markazida Payshanba − huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni doirasida bugun “Kasbga sodiqlik va vakolat doirasidan chiqmaslik korrupsiyadan tiyilishning muhim shartidir!” mavzusida profilaktik tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi chora-tadbirlarni muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi, Adliya maslahatchisi Karimjon Musashayxov, Akademiya rahbariyati, harbiy xizmatchilar va OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni Akademiya boshlig‘i, yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov ochib, zamonaviy demokratik jamiyatda davlat xizmatining halolligi va ochiqligi – nafaqat islohotlar muvaffaqiyatining, balki xalq ishonchining asosiy omillaridan biri ekanligini, korrupsiya esa bu tizimning eng xavfli dushmanlaridan biri sanalishini, u ijtimoiy adolat tamoyillarini izdan chiqarishini, fuqarolarning davlatga bo‘lgan ishonchini susaytirishini, jamiyat taraqqiyotiga jiddiy putur yetkazishini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘zga chiqqan – notiq o‘z nutqida, korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar xususida to‘xtalar ekan, amalga oshirilgan profilaktik yo‘nalishlar bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar keltirib, kasbga sodiqlik – bu oddiygina ish joyiga qatnab, topshiriqlarni bajara olishgina emas bu o‘z kasbini hurmat qilish lozimligini, unga chin dildan fidoyilik bilan yondashish, davlat va xalq oldidagi burchni to‘la anglab, unga sodiq qolish burch ekanligini, aynan ushbu tamoyillar korrupsiya xavfini kamaytirish, halollikni mustahkamlash va ishonchli boshqaruv tizimini shakllantirishda tayanch nuqtasi hisoblanishini, kasbga sodiqlik davlat xizmatining asosiy ustuni ekanligini, har bir mutasaddi, rahbar yoki oddiy xodim o‘z kasbiga sodiq bo‘lmas ekan, u o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishi, shaxsiy manfaatni davlat manfaatidan ustun qo‘yishi mumkin ekanligini qayd etib o‘tdi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining mas’ul xodimlari tomonidan tayyorlanib, chop etilgan “Poraxo‘rlik jinoyatchilarini tergov qilishning xususiyatlari”, “Ekspertiza tayinlash va o‘tkazish tartibi” va “Ko‘zdan kechirish tergov harakati imkoniyatlari” nomli kitoblar taqdimotini Adliya maslahatchisi, podpolkovnik Karimjon Musashayxov tomonidan o‘tkazilishi bilan birga ushbu kitoblar to‘plamini Akademiya axborot-resurs markaziga taqdim etilayotgani polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov mamnuniyat bilan e’tirof etdi.
Yakunda Akademiya harbiy xizmatchilari tomonidan berilgan savollarga ma’ruzachi Karimjon Musashayxov tomonidan atroflicha javoblar berib o‘tildi. Akademiya yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffarjon Mamasiddiqov bugungi tadbirdagi sermazmun ma’ruzasi uchun Karimjon Musashayxovga alohida minnatdorchilik bildirdi.
Akademiya axborot xizmati