Yangi O‘zbekistonda muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan yosh avlodning ma’naviy-intellektual salohiyati, ongu tafakkuri va dunyoqarashini yuksaltirish, ularning qalbida ona Vatanimiz, xalqimizga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, barkamol shaxsni tarbiyalash, kitobga bo‘lgan muhabbatini kuchaytirish, kursantlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, iqtidorli yoshlarni saralab olish va ularga yaqindan ko‘maklashish maqsadida bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi va Zakovat intellektual klubi nodavlat notijorat tashkiloti bilan hamkorlikda Akademiya 2- va 3-batalyon kursantlari o‘rtasida kuni kecha Akademiyaning “Ma’naviyat va ma’rifat” markazida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Ushbu intellektual o‘yinda “Femida”, “Boburiylar”, “Muhofaza”, “Qutqaruvchilar”, “Vatanparvar” va “Temuriylar” jamoalari o‘zaro bellashdilar.
Qiziqarli o‘tgan “Zakovat” intellektual o‘yini nizom talablari asosida zakovat nodavlat notijorat tashkiloti mutaxassislaridan iborat hakamlar hay’ati tomonidan ikki turdagi 24 ta savollardan iborat shartlar bo‘yicha adolatli baholanib borildi.
Mazkur “Zakovat” intellektual o‘yining yakuniy natijalariga ko‘ra, eng yuqori ball to‘plagan jamoa “Muhofaza” jamoasi faxrli birinchi o‘rinni egalladi, faxrli ikkinchi o‘rinni “Boburiylar”jamoasi egallagan bo‘lsa, faxrli uchinchi o‘rin esa “Qutqaruvchilar” jamoasiga nasib etdi.
Yakunda g‘olib va sovrindorlar Akademiya rahbariyati va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Toshkent shahar Kengashi rahbarining diplomlari va qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan tantanali taqdirlandilar.
Akademiya axborot xizmati