FAVQULODDA VAZIYATLARNI OLDINI OLISHDA ANIQ VA TABIIY FANLARNING O‘RNI

Mamlakatimizda so‘nggi yillarda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida Respublikamizda favqulodda vaziyatlarni oldini olish,  yong‘in xavfsizligini ta’minlash, fuqarolarimizni hayotini va moddiy boyliklarini tilsiz yovdan himoya qilish hamda asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Barchamizga ma’lumki, Favqulodda vaziyatlar vazirining 2025-yil 17-may kunidagi “Respublikada yong‘inlarni oldini olishga qaratilgan “Dolzarb-30 kun” profilaktika tadbirini o‘tkazish to‘g‘risida”gi 713-sonli farmoyishini ijrosini ta’minlash maqsadida, oylik doirasida Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida bir qator profilaktik tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda.

Jumladan, Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Dolzarb 30 kun” profilaktik tadbirlar doirasida 2025-yilning 5-iyun kuni “Favqulodda vaziyatlarni oldini olishda aniq va tabiiy fanlarning o‘rni” Respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasining bir qator tegishli vazirlik, va tashkilotlar mas’ullari, universitet va institut professor – o‘qituvchilari va talabalari, Akademiya professor-o‘qituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar, keng jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Anjumandan ko‘zlangan asosiy maqsad - texnogen va tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ular sodir bo‘lganda zamonaviy usullar va innovatsion texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, favqulodda vaziyatlarning salbiy oqibatlarini kamaytirish va ularni samarali bartaraf etish, mazkur yo‘nalishda kursantlarga nazariy va amaliy ma’lumotlar, tushunchalar berish, ularning sohadagi bilimlarini boyitish kabi dolzarb masalalarni o‘rganish, tahlil etish hamda sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolarga javob bera oladigan, ilmiy asoslangan tavsiyalar, ilmiy-innovatsion ishlanmalarni ishlab chiqishdan iborat.

Anjumanni Akademiya boshlig‘i yuridik fanlari doktori, professor, polkovnik Muzaffar Mamasiddiqov kirish so‘zi bilan ochib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistondagi Yangi uyg‘onish - Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etish yo‘lida xalqimiz, ayniqsa o‘sib kelayotgan yosh avlod vakillari uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani, xususan, texnogen va tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni samarali bartaraf etish tizimini takomillashtirish, bu jarayonda aniq va tabiiy fanlarning hamda innovatsion texnologiyalarning o‘rni, yong‘in xavfsizligini ta’minlash choralarini rivojlantirish, qurilish ishlarida xavfsizlikni ta’minlashning ustuvor vazifalari, zamonaviy elektromobillarda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlarda harakat qilish usullari, ishlab chiqarish ob’ektlarida, texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning eng xavflilaridan hisoblangan kimyoviy xavfli ob’ektlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish vaqtida yuzaga keladigan muammolar hamda ularning zamonaviy yechimlari, tabiiy xususiyatli favqulodda vaziyatlardan aholini xabardor qilish tizimlarini takomillashtirish muhim ekanligini alohida ta’kidladi.

Anjumanda so‘zga chiqqanlar, soha xodimlari tomonidan sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarni oldini olish va yong‘in xavfsizligini ta’minlash sohalaridagi mavjud muammolarini tahlil qilib, ularni bartaraf etish, olimlar va soha mutaxassislari o‘rtasida aynan ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari, barcha turdagi ta’lim muassasalari hamda aholi ko‘p yig‘iladigan maskanlarda favqulodda vaziyatlar va yong‘in xavfsizligini ta’minlash borasidagi muhim masalalar bilan birga yong‘inga qarshi muhofaza tizimidagi yangicha zamonaviy yondashuvlar va sohaga oid ilm-fan yutuqlari xususida keng fikr-mulohazalar bildirdilar.

Yakunda faol ishtirok etgan professor-o‘qituvchilar, taklif etilgan mehmonlar, tadqiqotchilar, iqtidorli kursantlarga Akademiya boshlig‘i tomonidan tashakkurnoma va sertifikatlar tantanali topshirildi.

 Akademiya axborot xizmati